Bulbul kuyin she’rga solgan adib

Har bir adibning ijodiyoti aslida, tilning boyligini, nafosati va nazokatini ko‘rsatuvchi mezondir. U xoh nasriy shaklda, xoh nazmiy yo‘sinda bo‘lsin, qaysi adabiy turda ijod etmasin, muayyan xalqqa mansub bo‘lgan tilning imkoniyatlarini o‘z ijodiy mahorati, so‘z qo‘llash iste’dodi orqali namoyish etadi.

Shu haqda gap ketganda, xalq shoiri Abdulla Oripov ijodiyoti yuqoridagi fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi. Uning she’riyati o‘zbek tilining barcha imkoniyatlarini, ifoda vositalarini qo‘llash orqali hamda leksik qatlamga o‘z munosabatini bildirish yo‘sinida qimmatlidir. Joriy yilning 7 oktyabrida "Adiblar xiyoboni"da o‘tkazilgan tadbir "Ona tilim, sen borsan shaksiz, Bulbul kuyin she’rga  solurman" deb nomlandi.

          So‘zning ta’sir kuchi haqida, adabiyotning poydevori bo‘lgan tilning imkoniyati va uning muhim mezoni bo‘lgan so‘z haqida Abdulla Oripovning ushbu bitigi bejiz emas:

So‘z asli payg‘ambar,

U bois balki odamzod

Tanigan o‘z xudoyini

Erigan temirning parchasi kabi

O‘rtab yuboradi tekkan joyini.

Mana so‘zning qay darajada ta’sirchanligi borasida shoirning e’tirofi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi aniqrog‘i, talaba, magistrant va professor-o‘qituvchilari har chorshanba kuni, ya’ni murodbaxsh kun Abdulla Oripovning haykali poyida gulchambar qo‘yib zamondoshlarining shoir haqidagi xotirotlarini eshitish va adib ijodiga daxldor bo‘lgan she’rlardan o‘qish asnosida she’rxonlik qilish, ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etishlari an’ana tusini olganligi rost. Bu gal kuni kecha institutimizning “Gidromeloratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” fakulteti jamoasi tashrif buyurishdi. Institut prorektori Ro‘zimurod Choriev va “GIM” fakultetining dekani Begmat Norov boshchiligidagi talabalar jamoasi yangi ma’lumotlar, yangi ma’naviy oziqdan bahramand bo‘lishdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining raisi, senator, O‘zbekiston xalq shoiri, Sirojiddin Said ustozlari Abdulla Oripov haqidagi xotirotlari bilan o‘rtoqlashdi. Xalq shoirining she’riyatida tilga bo‘lgan munosabat masalasida o‘zining mulohazalarini bildirib o‘tdi.

So‘ngra so‘z O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’dievga berildi. Ayni paytda Yodgor Sa’diev shoirning she’riyatiga bo‘lgan muhabbati kuchli ekani, hayotlik paytida oilaviy bordi-keldi ham bo‘lganligi va unga ekspromt tarzda, improvizatsion, ya’ni badihago‘ylik yo‘li bilan she’r bog‘lagani haqida gapirdi. Vaziyatga mos va xos so‘zni to‘qib she’r qila olish mahoratiga qoyil qolgani, va ustozi, xalq artisti Nabi Rahimov haqida xuddi shunday she’r to‘qib berganligini xotirladilar. Ayni paytda Abdulla Oripovning xalq og‘zaki ijodiyotiga monand usulda "Sharq afsonasi" deb nomlangan she’rini yoddan o‘qib davra ahlining e’tiborini qozondi.

Fakultetimizning talabalari o‘zlarning ijodidan ayni paytda ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub bo‘lgan she’rlardan o‘qishdi. Ulardan zavqlangan fakultet dekani Begmat Norov ham Abdulla Oripovning "Men nechun sevaman O‘zbekistonni" deb nomlangan she’rini  maroq bilan o‘qib hammaga zavq va shavq  baxsh etdi.

Shundan so‘ng tadbirda juda ko‘plab taniqli san’atkorlarning ijod mundarijasidan she’rlari o‘rin olgan iste’dodli  shoir Sharofiddin Boltabaev taklif etildi. U ustozlarga ehtirom ruknida  bir qancha she’rlaridan o‘qib davrga fayz kiritdi. Ta’lim muassasamizning faoliyati va shoir ijodiyotiga bo‘lgan qiziqishlarini zimdan kuzatib turgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim Vazirligining Ma’naviy-axloqiy tarbiya boshqarmasi boshlig‘i Otabek Bozorov ham o‘z fikrlarni e’tirof etib, nofilologik yo‘nalishda bo‘lsa ham adabiyotga  she’riyatga oshufta bo‘lgan ta’lim muassasasimiz haqida o‘zlarining iliq dil izhorlarini, fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar.

So‘ngra "Yoshlik" jurnalining bosh muharriri Nurali Chori bir qancha jurnal nusxalarini keltirib tarqatdi. Va unda institutimizning iqtidorli, ijodkor talabalarining she’rlari jo bo‘lganligi barchamizni xushnud etdi. Davrada moderatorlik qilgan institutimiz matbuot xizmat rahbari Rahimboy Jumaniyozov shoirning ushbu she’rini ifodali tarzda o‘qib berdi.

 

Ming yillarki bulbul kalomi

O‘zgarmaydi yaxlit xamisha.

Ammo sho‘rlik to‘tining holi

O‘zgalarga taqlid xamisha.

 

Ona tilim, sen borsan, shaksiz

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning shubhasz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

 

Bu o‘rinda bulbul va to‘ti falsafasi tilimizga bo‘lgan munosabatni,  mehrni anglatuvchi mezon sifatida ijtimoiy badiiy tafakurning ohorli, tashbehona ifodasi sifatida katta ahamiyat kasb etganini ta’kidladi.  Shoir ijodiyotini o‘rganish, uning chop etilgan va chop etilmagan ijod durdonalarini ommalashtirish, targ‘ib va tashviq etish ta’lim muassasamiz zimmasiga yuklangan ekan, bu biz uchun sharaf.  Shuning uchun ham biz shoir ijodini chuqurroq o‘rganamiz, uning she’riyatidagi falsafiylik va musiqiylik o‘zaro uyg‘un tarzda ma’nodorlik kasb etadi.

 Tadbir yakunida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurod Choriev ishtirokchi mehmonlarga va tadbir tashkilotchilariga o‘zining samimiy minnatdorchiligini bildirib shoir she’riyatini targ‘ib etishda bardavom ekanligimizni qayd etdi.

 

Ortiq Ro‘ziboev

GIM fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari