Al-Farg‘oniyning Misrdagi sa’yi-harakatlari
2022 yil 3 mart kuni soat 10:00 da Misr arab respublikasi Suvaysh kanali San’at va gumanitar fanlar fakulteti professori Rifat Abdullah Saliman Xuseynning "The efforts of AL Farghani In Egypt" ("Al-Farg‘oniyning Misrdagi sa’yi-harakatlari") mavzusidagi ma’ruzasi bo‘lib o‘tdi. Ma’ruzada SXTEB fakulteti dekani R. Hakimov va shu fakultetning iqtidorli talabalari, GIM fakulteti dekani, "Gumanitar fanlar" kafedrasining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Rifat Abdullah Saliman Xuseyn o‘z ma’ruzasida buyuk bobokalonimiz Ahmad al-Farg‘oniyning Misr davlati, musulmon olami, umuman jahon tarixidagi o‘rnini, uning ilmiy kashfiyotlarining ahamiyati haqida so‘zlab o‘tdi. Uning tomonidan Misrda kashf etilgan Nilometr qariyb ming yil oldin shimoliy Afrikaning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tub burilishlarni boshlab bergan. Ilgari Nil daryosi toshqini davrida ko‘plab ekin maydonlari, qishloq va shaharlar suv toshqinidan zarar ko‘rar edi. Miqyosi Niliy yaratilgandan keyin xavflar bartaraf etilgan va suv resurslaridan maqsadli va tejamkor usullarda ishlatishga o‘tilgan. Yangi ekin maydonlari yuzaga kelgan. Xalqning ijtimoiy ahvoli yaxshilangan. Misr dunyodagi eng kuchli mintaqa va davlat sifatidagi maqomini saqlab turgan.
Ahmad Farg‘oniy o‘z davrining eng buyuk irrigator muhandisi edi. U yaratgan suv texnologiyasida iqtisod, geometriya, fizika qonunlari, suvga oid ilmlar, inson salomatligi, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, favqulodda vaziyatlardan to‘g‘ri chiqib keta olish va boshqa ko‘plab soha ilmlarining o‘zaro uyg‘unligi yuzaga kelgan. Bu o‘sha davrning katta kashfiyoti edi. Uning barcha fanlar va sohalar ravnaqida o‘rni va roli katta bo‘lgan. Ahmad al-Farg‘oniy tom ma’noda Uyg‘onish davrining buyuk vakili, butun jahonga tanilgan, biz faxr etib o‘rganishga, ibrat olishga arziydigan buyuk ajdodimizdir. GIM fakulteti rahbariyati "Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakulteti dekani R. Hakimov va iqtidorli talabalari, xalqaro bo‘lim boshlig‘i SH. Rahmonov va barcha ishtirokchilarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.