Tashabbusga keng yo'l

Til bilgan dil bilar, dil bilgan el bilar. O‘z ona tilingizni chuqur o‘rganish asnosida xorijiy tillarni ham mukammal bilishga intilish xayrlidir. Qolaversa, bu davr talabi hamdir.

“Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1875-sonli qarorning ijrosi borasida qilinayotgan ishlar ibratga loyiq bo‘lishi zarur.

Bu masalaga e’tibor TIQXMMIda yuksak darajada. Rektorimiz Umurzakov O‘ktam Pardayevichning tashabbuslari bilan ingliz tilini mukammal o‘rganish jarayonini samarali tashkil etish, tajriba almashish, bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Ular rektorat majlislarida har gal juma kunini ingliz tilida so‘zlashish kuni sifatida e’tirof etib nazorat qilib kelmoqdalar.

Shu munosabat bilan “Iqtisodiyot va menejment” fakultetida ham haftaning juma kuni ingliz tilida suhbatlashish kuni deb belgilandi. Fakultet dekani O. Kucharov, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari J. Turdiyev, kafedralar professor-o‘qituvchilari, fakultet doktoranti U. Xoliyorov, “Yoshlar ittifoqi” BT fakultet yetakchisi M. Raxmatova hamda talabalar ishtirokida fakultetda ingliz tilida suhbatlashish, og‘zaki nutqni rivojlantirish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Fakultetning barcha talabalari ingliz tilida o‘zaro bir-birlari bilan fikr almashishdi. Fakultetda har bir yo‘nalishlarga oid ko‘rgazmalar tayyorlandi. Bundan buyon haftaning juma kuni “Iqtisodiyot va menejment” fakultetida talaba va professor-o‘qituvchilari orasida ingliz tilida muloqot kuni deb qabul qilindi va muayyan chora-tadbirlar belgilandi.