Sobiq va sodiq kursdoshlarning diydorlashuvi

Yarim asr qisqa muddat emas, bu davr insonga qanchadan qancha taassurotlarni, shaxsiy hayotida hamda ish faoliyatida o‘zgarishlarni, shodlik va g‘amgin damlarni baxsh etganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Uzoq vaqt, uzoq makon insonni charxlaydi, sadoqat va vafoni toblaydi. 2019 yil 26 aprel kuni TIQXMMI da “Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash” fakultetini 1974 yilda tamomlagan bitiruvchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ular uchun bu yilgi uchrashuv ularning TIQXMMI ga talaba sifatida qabul qilinganiga 50 yil, institutni bitirganlariga esa 45 yil to‘lganini alohida ta’kidlash lozim.

Uchrashuvda bitiruvchilarimizni ushbu sana bilan tabriklab institutimiz o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor t.f.d., prof.B.S.Mirzaev, GIM fakulteti dekani B.Norov, dotsentlar N.Q.Usmanov, I.J.Xudoevlar ishtirok etishdi. Institutimiz prorektori B.S.Mirzaev mehmonlarni institutimizda olib borilayotgan islohotlar, yangiliklar bilan tanishtirdi. Fakultet dekani B.Norov fakultet to‘g‘risidagi ma’lumotlar va kelgusi rejalar bilan o‘rtoqlashdi. Sobiq kursdoshlar institutda o‘tgan davrlari, ta’lim bergan ustozlarini eslab, ular haqida iliq fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Davlatimiz rahbariyatining suv xo‘jaligi qurilishi hamda yerlarni meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlari hamda bevosita mexanizatsiyalashgan ishlarni bajarishga mo‘ljallangan mashinalar parki tarkibini yangilash, ilg‘or texnologiyalar qo‘llash bo‘yicha sa’yi harakatlarini alohida, mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tishdi. Shu bilan qatorda institut ravnaqi uchun xizmat qiladigan takliflarini bildirishdi. Uchrashuv sermazmun va qiziqarli tarzda o‘tdi.

GIM fakulteti dekani B.Norov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov